Hukumat qorako‘lchilik sohasi bo‘yicha qaror qabul qildi

Vazirlar Mahkamasining “Qorako‘lchilik bilan shug‘ullanadigan sub’yektlar tomonidan yetishtirilgan qo‘y terisi, qorako‘l terisi va junni xarid qilish, saqlash hamda qayta ishlash tashkilotlariga yetkazib berish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, quyidagilar qorako‘lchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, ularni xarid qilish, saqlash va qayta ishlash korxonalariga yetkazib berishga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda:

birinchidan, qorako‘lchilik bilan shug‘ullanadigan sub’yektlarni aksariyati uzoq cho‘l hududlarida joylashganligi va uning o‘ziga xos xususiyatlarining inobatga olinmaganligi;

ikkinchidan, asosiy ozuqa bazasi tabiiy yaylovlar bo‘lib, yaylovlar hosildorligi bevosita yilning kelishiga va yog‘ingarchilikning miqdoriga bog‘liqligi;

uchinchidan, tabiat injiqliklari, yog‘ingarchiliklar kam bo‘lgan va qish davrida sovuq ob-havoning uzoq davom etishi natijasida chorva mollarini nobud bo‘lishini oldini olish maqsadida uzoq cho‘l hududlarida joylashgan qorako‘lchilikka ixtisoslashgan sub’yektlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga omixta yem, arpa doni, paxta shroti, paxta sheluxasi va boshqa zaruriy resurslarni yetkazib berish tizimining yo‘qligi;

to‘rtinchidan, asosiy podadan yaroqsizga chiqarilgan qari ona (sovliq) qo‘ylarni go‘sht uchun boqish va eksportbop qorako‘l teri yetishtirish tizimining joriy etilmaganligi;

beshinchidan, yetishtirilgan qorako‘lchilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalariga yetkazib berish ishlarining o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasining qorako‘lchilik bilan shug‘ullanadigan sub’yektlar tomonidan yetishtirilgan qo‘y terisi, qorako‘l terisi va junni hududiy “Qorako‘l” uyushmalarining “Qorako‘lchilik” markazlari tomonidan qorako‘l terisi va junni xarid qilish, saqlash hamda qayta ishlash tashkilotlariga shartnoma asosida yetkazib berish tizimini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

Qorako‘lchilik bilan shug‘ullanadigan sub’yektlar tomonidan yetishtirilgan qo‘y terisi, qorako‘l terisi va junni xarid qilish, shuningdek, ularga ozuqa maqsadlari uchun omixta yem, arpa doni, paxta shroti va sheluxasini sotish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlari hokimliklari Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi bilan birgalikda: naslchilik qorako‘lchilik maqomiga ega bo‘lgan jamiyatlarda kelgusida nasl olish uchun foydalanilmaydigan qari ona (sovliq) qo‘ylarni markazlashtirilgan holda go‘sht uchun boqish hamda eksportbop qorako‘l teri va sifatli go‘sht yetishtirishni tashkil etilishini;

bo‘rdoqichilik xo‘jaliklari (komplekslari)da yetishtirilgan qorako‘l terisining kamida 80 foizini eksport qilish hamda go‘sht mahsulotlarini shartnoma asosida iste’mol bozorlariga yetkazib berilishini ta’minlaydilar.

Leave a Reply